Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 11–15-sentabr kunlari Tailandning Bangkok shahrida BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirishning to‘liqligidagi tengsizlikni baholash” mavzusida trening tashkil etilgan edi.
Mazkur treningda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirgʻiz Respublikasi, Kambodja, Sharqiy Timor, Vyetnam, Shri-Lanka, Butan, Hindiston, Indoneziya va Mongoliya davlatlarining mavzuga aloqador tashkilotlari, shu jumladan, statistika idoralari vakillari ishtirok etishdi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Abrayev ham qatnashdi.
Trening davomida ishtirokchilar tug‘ilish va o‘limni qayd etishning to‘liqligini baholash usullari bilan tanishishdi. Tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlarini tahlil qilish bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Joriy yilning 20-sentabr kuni Statistika agentligida Bangkok shahrida tashkil etilgan trening yakunlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Seminarda Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi, Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi hamda Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda “Fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirishning to‘liqligidagi tengsizlikni baholash” mavzusidagi treningda olingan bilim va ko'nikmalar haqida batafsil ma’lumot berildi.