Avval xabar berganimizdek, 2023-yilning 12–14-sentabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi tomonidan Statistika ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilari Xalqaro forumi hamda MDHga aʼzo davlatlar statistika idoralari rahbarlari Kengashining navbatdagi 67-yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Mazkur xalqaro forumda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etishdi.
Xalqaro forumning birinchi kunida ishtirokchilar statistika maʼlumotlarini ishlab chiqarishni takomillashtirish, raqamli statistik ekotizimlar hamda xizmatlar masalalari boʻyicha oʻzaro fikr-mulohaza almashishdi. Bu borada bugungi kundagi ilgʻor tajriba va metodikalar haqida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, forum davomida foydalanuvchilar nuqtayi nazarida zamonaviy statistika va unda inson salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Statistika agentligi delegatsiyasi tadbirlar doirasida MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi rahbariyati bilan ham uchrashib, istiqboldagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr-mulohaza almashishdi.