Joriy yilning 12–14-sentabr kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi tomonidan “Statistika ishlab chiqaruvchilari va foydalanuvchilari Xalqaro forumi hamda MDHga aʼzo davlatlar statistika idoralari rahbarlari Kengashining navbatdagi 67-yigʻilishi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu xalqaro Forumda statistik maʼlumotlar ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi muloqotni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, statistik maʼlumotlardan foydalanuvchilarning ehtiyojlarini toʻliq qondirish, statistik maʼlumot ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasidagi masalalar muhokama qilinadi.
Shuningdek, statistika maʼlumotlarining keng omma eʼtiboriga havola qilish hamda foydalanuvchilarning talablariga toʻliq javob berish maqsadida ularni qayta ishlash va tarqatish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha ham tajribalar koʻrib chiqiladi.
Statistika idoralarining ushbu nufuzli yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etishadi.
Tadbir doirasida Statistika agentligi delegatsiyasi MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi rahbariyati bilan uchrashib, istiqboldagi hamkorlik masalalari boʻyicha fikr-mulohaza almashishi rejalashtirilgan.