Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 21-avgust–1-sentabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda Birlashgan Vena instituti tomonidan “Iste’mol narxlari indeksi (chuqurlashtirilgan)” mavzusida o‘quv kursi tashkil etilgan edi.
Mazkur o‘quv kursida O‘zbekiston, Armaniston, Albaniya, Bosniya va Gersogovina, Gruziya, Moldova, Qozog‘iston, Qirgʻiz Respublikasi, Turkiya, Avstriya, Tojikiston, Ozarbayjon va Ukraina davlatlarining statistika idoralari vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Narxlar statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Umarov, Toshkent shahar statistikasi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shavkat Norqulov, shuningdek, Narxlar statistikasi boshqarmasi mutaxassislari Javohirbek Jamoliddinov, Shahnoza Ismailova va Aziz To‘ychiyev ishtirok etishdi.
Kurs davomida ishtirokchilar iste'mol narxlari indeksi hisob-kitoblari amaliyoti bo'yicha tajriba almashishdi. Indekslarni shakllantirish bo'yicha nazariy va amaliy ko'nikmalarga ega bo'ldilar.
Joriy yilning 7-sentabr kuni Statistika agentligida Vena shahrida tashkil etilgan o‘quv kursi yakunlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Seminarda Narxlar statistikasi boshqarmasi, Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi, Xalqaro hamkorlik va axborot almashuv boshqarmasi hamda Toshkent viloyati va Toshkent shahar statistika boshqarmalarining Narx statistikasi bo'limi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda “Iste’mol narxlari indeksi” mavzusidagi o‘quv kursida orttirilgan tajriba, seminarlar davomida olingan bilim va ko'nikmalar haqida batafsil ma’lumot berildi.