28/06/2021

Ta'kidlanganidek, mazkur Qonun mamlakat milliy statistika tizimi huquqiy asosini yaratib bermoqda.

Amaldagi statistika tizimida ochiq ma'lumotlar oshkoraligi va sifat darajasining pastligi, ma'lumotlarni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazish mexanizmining xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi shuningdek, mavjud “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi Qonun faqatgina davlat statistika organlari faoliyatini tartibga solib, statistik ma'lumotlarni ishlab chiqish bo‘yicha boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini qamrab olmagani kabi muammolar mavjud.

Mazkur muammolarni bartaraf etish, belgilanadigan qamrov va sifat talablari kengligi va to‘liqligini ifodalash maqsadida Qonun bilan  “Davlat statistikasi” yoki “Milliy statistika” atama o‘rniga “Rasmiy statistika” atamasi joriy qilinmoqda.

Davlat statistikasi statistika organlari tomonidan shakllantiriladigan statistik ma'lumotlarni nazarda tutgan bo‘lsa, rasmiy statistika barcha tayyorlovchilar tomonidan tayyorlangan va tarqatiladigan statistik ma'lumotlarni qamrab oladi.

Natijada milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha subyektlarning faoliyatiga huquqiy asos va rasmiy statistikaning xalqaro darajada tan olinishiga institutsional baza yaratilmoqda.

Shuningdek, milliy statistika tizimi, rasmiy statistikani tayyorlovchilar, ma'muriy ma'lumotlarni yetkazib beruvchilar, respondent va foydalanuvchilarning o‘zaro munosabati qoidalari ham nazarda tutilgan.

Rasmiy statistikaning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ma'lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan.

Umuman joriy etilayotgan o‘zgarishlar statistika hisobotini ishonchli yuritish, axborotdan foydalanish samaradorligini oshirish, mamlakat nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash hamda boshqaruvda ochiqlikni ta'minlashda muhim o‘rin tutadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech