Welcome to navstat   Click to listen highlighted text! Welcome to navstat Powered By GSpeech

Портал

 

     Yangiliklarimizga obuna    bo'ling


Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Texnoparkda ishga tushirilgan yangi korxonalarni borib ko‘rdi.

Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollardan ziyod bo‘lgan 17 ta loyiha joylashtirilgan bo‘lib, shundan 6 tasi o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan edi. Bu yil boshida yana 4 ta korxonada qurilish-montaj ishlari bitkazildi. Ayni kunlarda sinov rejimida mahsulot tayyorlanmoqda.

Prezident ushbu korxonalarda o‘rnatilgan texnologiyalar, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

- Bu korxonalarning, albatta, iqtisodiy ahamiyati katta. Lekin meni ko‘proq quvontiradigani yoshlarimizning malakasi, ishonchi. Hozirgi yoshlar o‘qigan paytlarda bunaqa stanoklar yo‘q edi. Shu ishlarni 15 yil oldin boshlaganimizda bolalarimizning bilimi, saviyasi bugun umuman boshqacha bo‘lardi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Furnitura va aksessuarlar loyihasining qiymati 20 million dollar. Buning evaziga bino mukammal ta’mirlanib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 450 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxona eshik va romlar uchun yiliga 6 million dona furnitura va aksessuar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu 10 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish, 3 million dollarlik eksport imkoniyatini beradi.

Yana bir korxonada 5 xil modifikatsiyadagi panelli isitish radiatorlari ishlab chiqariladi. Uning qiymati 19 million dollardan ziyod, quvvati yiliga 640 ming dona. Yevropa texnologiyasi asosida tayyorlanadigan bunday radiatorlarga ichki bozorda ham, tashqi boroda ham talab bor. Shundan kelib chiqib, 6 million dollarlik import o‘rnini bosish, 8 million dollarlikdan ko‘proq eksport qilish mo‘ljallangan. 250 kishi ish bilan ta’minlangan. 

Alyumin kompozit panellar korxonasi ham iqtisodiy samarador. Unda tayyorlanadigan 432 ming dona mahsulot 10 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish, 3 million dollarlik eksportni ta’minlash imkonini beradi. Buning uchun 2 million dollar evaziga Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. 80 ta ish o‘rni yaratilgan.

Metall konstruksiyalar ishlab chiqarish loyihasining qiymati 29 million dollar. Shunga yarasha, import o‘rnini bosish darajasi ham nisbatan yuqori – 16 million dollar. Shuningdek, 1,5 million dollarlik eksport ham rejalashtirilgan. Korxonaga Italiya texnologiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, 3 xil sendvich panellar hamda 2 turdagi qora va yengil metall konstruksiyalar ishlab chiqariladi. Bu yerda 350 kishi ishlaydi.

Yangi ishga tushayotgan korxonalarda mahalliylashtirish darajasi 35-40 foizni tashkil etadi.

Texnoparkda barcha loyihalar ishga tushgandan keyin joriy yil yakunida 5 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi, 105 million dollarlik eksport qilinadi. 7 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari shu bilangina cheklanmasdan, yangi loyihalar ishlab chiqish, qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulotlarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish, kommunal muammolarni hal qilib, hududini obodonlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Parvoz mahallasiga tashrif chog‘ida shu boradagi ishlar ijrosiga e’tibor qaratildi.

Bu yerdagi 41 ta ko‘p qavatli uyga “Shinam uy-joy” boshqaruv servis kompaniyasi sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu shirkat binosini kirib ko‘rdi.

Kompaniyada tunu kun dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 35 doimiy, 20 dan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Binoda «Xalq banki» bo‘limi ham tashkil etilgan.

Hududda maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, sport maydonchalari bor. Prezident shu yerda o‘ynayotgan bolalarga ezgu tilaklar bildirdi.

- Bolalarimiz sog‘lom bo‘lib, ko‘zlaridan nur yog‘ilsa, men uchun eng katta baxt shu. Sizlarning bilim olishingiz, kasb-hunarlar egallashingiz, sport bilan shug‘ullanishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar yaxshi o‘qib, al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek bobolarimizga munosib bo‘lib, ota-onangiz orzularini ushaltiradigan insonlar bo‘lib ulg‘aying, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida 157 kichik biznes sub’ekti bor. Aholini ish bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda umumiy qiymati 73 milliard so‘m bo‘lgan 6 ta loyihani amalga oshirish va 310 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

- Bu Toshkent shahridagi eng katta mahallalardan biri - 10 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda shunday ishlar qilingani boshqa mahallalarga namuna bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.

Mutasaddilarga poytaxtimizdagi barcha 524 ta mahallani shunday obod qilish, buning uchun har biriga mablag‘ ajratib, loyihalarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu yerda nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

– Ulug‘ ayyom kunlarda sizlar bilan ko‘rishganimdan xursandman. Mehr ko‘zda degandek, yoshlar, nuroniylar bilan gaplashsam o‘zimga kuch, katta rejalar olaman. Odamlarning har bir gapi menga mas’uliyat bag‘ishlaydi. Xalqimizni rozi qilsak, inshoolloh, ajri ham bo‘ladi, - dedi Prezident.

17 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari bahoriy Navro‘z ayyomi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, qardosh xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, savdo sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Turkiy kengashning bo‘lajak sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.

Muloqot har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel 12 mart kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazadilar.

Ikki mamlakat yetakchilari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishlari ko‘zda tutilgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikka doir qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil yanvar oyida rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘ldi, o‘sha yilning may oyida esa Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer javob tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi.

Germaniya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik sheriklaridan biridir.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash 829 million dollarni tashkil etgan, mamlakatimizda Germaniyaning 700 million dollardan ziyod investitsiyalari o‘zlashtirilgan. O‘zbekistonda 200 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 mart kuni o‘zining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabartini qabul qildi.

Uchrashuvda maslahatchi Chakrabartining O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategiyasini tayyorlash, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarini kengaytirish borasidagi taklif va tavsiyalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari “yo‘l xaritasi” va ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha boshqa muhim konseptual hujjatlarni birgalikda puxta tayyorlashni davom ettirish va keyinchalik ularni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, davlat ulushi mavjud korxonalarni transformatsiya qilish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

OVOZ BERISH
Ishonch telefonlarining xizmatini baholang:
 
A'lo
Yaxshi
Qoniqarli
Yomon

Моё мнение

Korrupsiyaga qarshi kurash

Tugmani bosing Tinglash