Welcome to navstat   Click to listen highlighted text! Welcome to navstat Powered By GSpeech

Davlat statistika qo`mitasi markaziy apparatida “Call centre” tashkil etilgan. Murojaat uchun telefon: (+998 71) 203-80-00

Портал

 

     Yangiliklarimizga obuna    bo'ling


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

 

Turizm sohasini jadal surʼatlarda tiklash va mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan soʻng uni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlarini shakllantirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6002-son Farmoniga muvofiq:

1. Belgilansinki:

a) 2021-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrga qadar mehmonxonaga belgilangan tartibda berilgan toifa saqlangan taqdirda tegishli yil yakuniga koʻra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yigʻim summasining 50 foizi joylashtirish vositalariga qaytariladi;

b) joylashtirish vositalari tomonidan, shu jumladan, xalqaro bronlashtirish maydonlarida muvofiqlik belgisidan (yulduzlar) noqonuniy foydalanganlik holati mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish uchun berilgan sertifikatning amal qilishini qoidabuzarlikning belgilangan tartibda bartaraf etilguniga qadar toʻxtatib turish uchun asos boʻlib hisoblanadi;

v) 2020-yil 1-avgustdan boshlab:

reyslar soni va yoʻnalishlari boʻyicha cheklovlarni bekor qilishni, shuningdek, xorijiy aviakompaniyalarga beshinchi darajadagi “havo erkinligi”ni taqdim etishni nazarda tutuvchi “Ochiq osmon” rejimi “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;

xorijiy aviakompaniyalar ularning tegishli hujjatlarini tekshirish natijalariga koʻra Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) uchish xavfsizligi va aviatsiya xavfsizligi boʻyicha standartlariga muvofiq boʻlishi sharti bilan havo qatnovi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qatʼi nazar “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi;

mamlakatning “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlariga qatnovlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviakompaniyalarga tarif va yigʻimlar uch yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan aviakompaniyalar uchun belgilangan miqdorda qoʻllaniladi;

investorlarning yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini (“Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) tegishli xavfsizlik darajasini taʼminlagan holda qurish va jihozlash uchun yoʻnaltirilgan xarajatlarining bir qismi ularni 2023-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirish va uzunligi bir tomonga kamida 500 metr boʻlish sharti bilan har bir 500 metr yoʻl uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda – Byudjetdan tashqari jamgʻarma) ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 1 milliard soʻm miqdorida qoplanadi. Belgilansinki, bunda yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash boʻyicha dastlabki 50 ta loyihaga yoʻnaltirilgan investorlar xarajatlarining bir qismi qoplanadi;

turistik zonalar va qishloq joylari hududida tegishli standartlarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Qurilish vazirligining namunaviy loyihalari boʻyicha joylashtirish vositalarini tez quriladigan konstruksiyalar (oʻtovlar, konteynerlar, sendvich panellar) bilan qurish uchun tadbirkorlik subyektlari xarajatlarining bir qismi bunday tipdagi joylashtirish vositalarining joylari soni 50 mingtaga yetguniga yoki 2023-yil 31-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan har bir joy uchun 5 million soʻmgacha miqdorda qoplanadi;

2020-yil 31-dekabrga qadar “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat KAFOLATLANGAN”) tizimining xavfsiz obyektlari reyestriga kiritilgan, turizm va yondosh infratuzilma obyektlarining bino va inshootlarida sanitariya-epidemiologiya xizmati tashkilotlari tomonidan dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya hamda yuqumli kasalliklar paydo boʻlishining oldini olish va darajasini pasaytirishga qaratilgan epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan xoʻjalik subyektlarining xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi;

shaharlar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonida ular turizm infratuzilmasini rivojlantirish qismida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan majburiy kelishiladi;

gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarning xizmatlari oʻzini oʻzi band qiladigan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (xizmatlar, ishlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi;

g) 2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda turizm sohasi subyektlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

turistlar uchun “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimini joriy etish;

Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan turoperator tomonidan “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi talablariga rioya qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga 3 ming AQSH dollari miqdorida kompensatsiya toʻlovlarini toʻlab berish mexanizmlarini joriy qilgan holda Xavfsiz turizm jamgʻarmasini tashkil etish.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq turoperatorlar tomonidan xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatish karantin davrida faqat “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining xavfsiz obyektlari reyestriga kiritilgan turizm va yondosh infratuzilma obyektlarida tashkil qilinadi.

Belgilansinki:

Xavfsiz turizm jamgʻarmasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasining 20 milliard soʻm miqdordagi dastlabki toʻlovi, shuningdek, “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi doirasida joriy etilayotgan ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan oʻtish uchun toʻlanadigan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi toʻlov hisobidan shakllantiriladi;

xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatuvchi obyektlarda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi majburiy tartibda joriy etiladi;

xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatishda “Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimida belgilangan shart va talablarning buzilishida aybdor boʻlgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda 2021-yil 1-yanvaridan boshlab xorijiy fuqarolar uchun viza rejimini yana-da liberallashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun zarur boʻlgan salmoqli kapital, yuqori akademik bilimlar yoki oʻziga xos koʻnikmalarga ega shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida doimiy istiqomat qilishga jalb etishni nazarda tutuvchi “Uzbekistan – my second home” (“Oʻzbekiston – mening ikkinchi uyim”) immigratsiya dasturini joriy etish boʻyicha takliflar kiritsin.

5. Belgilansinki:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tuziladigan turistik-rekreatsion zonalarini (keyingi oʻrinlarda – turistik zonalar) rivojlantirish hamda ularning faoliyatini tashkil qilish sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi va quyidagi qoʻshimcha vazifalarni amalga oshiradi:

turistik zonalarning samarali boshqaruvini tashkil qilish;

turistik zonalar hududida turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo etish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur investitsiyaviy shart-sharoitlarni yaratish;

turistlarning maqsadli toifalari orasida turistik zonalarning salohiyatini targʻib qilish boʻyicha marketing ishlarini olib borish;

b) Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri turistik zonalar maʼmuriy kengashiga rahbarlik qiladi;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq turizm sohasidagi davlat aktivlarini sotishdan tushgan mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga taqsimlanadigan qismi Byudjetdan tashqari jamgʻarmaga turizm infratuzilmasini tashkil etish va rivojlantirish, mamlakatning turizm salohiyatini targʻib qilish uchun yoʻnaltiriladi;

g) turistik zonalar hududida joylashgan va davlatga tegishli boʻlgan mulkiy komplekslar hamda yer uchastkalarini sotishdan tushadigan mablagʻlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

75 foizi – tegishli turistik zonalar direksiyalari hisobiga;

25 foizi – Byudjetdan tashqari jamgʻarma hisobiga;

d) turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes gʻoyalarni inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlariga qabul qilish uchun nomzodlarni tanlash boʻyicha Maslahat kengashi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillari kiritiladi.

6. “Chorvoq” erkin turistik zonasi maʼmuriy kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda koronavirus pandemiyasi va global inqirozli holatlarning mamlakat turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2020-yilda koronavirus pandemiyasi va global inqirozli holatlarning mamlakat turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda mamlakatning turizm salohiyatini targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan Byudjetdan tashqari jamgʻarmaga kamida 10 milliard soʻm mablagʻ ajratsin;

2020-yil 1-iyulgacha “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetining professor-oʻqituvchilar, boshqaruv, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida 2020-yilning ikkinchi yarim yilligi uchun universitetning yarim yillik ish haqi fondi miqdoridagi mablagʻlarni Byudjetdan tashqari jamgʻarmaga oʻtkazib bersin;

2021-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida Byudjetdan tashqari jamgʻarmaga mamlakatning turizm salohiyatini targʻib qilishni moliyalashtirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining asoslantirilgan talabnomasiga muvofiq mablagʻ ajratilishini taʼminlasin;

2020-yil 1-oktyabrgacha Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda turizm sohasi subyektlari xizmatlari tannarxini pasaytirish maqsadida ularga qoʻshimcha soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, shuningdek, subsidiyalar ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan tashqari turizm infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish uchun ajratilgan salohiyatli oʻrmon fondi hududlarini rejalashtirish va loyihalashtirish;

suv omborlari va oʻrmon xoʻjaliklarida turizm turlarini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan Hukumat qarorlarining ijrosini monitoring qilish;

respublika kinolokatsiyalarini, shu jumladan, jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda xorijda targʻib qilish.

9. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmasida quyidagi lavozimlar joriy etilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmalaridagi bittadan shtat birligini qisqartirish hisobiga Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi;

Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida hokimning turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi oʻrniga tegishlicha turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha hokim oʻrinbosari lavozimi.

Belgilansinki, mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan lavozimlarga nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi taqdimnomasiga asosan belgilangan tartibda tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining bitta shtat birligini qisqartirish hisobiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimini joriy etish tavsiya etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Transport vazirligi, Madaniyat vazirligi, “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJning “Andijon” xalqaro aeroportiga “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomini berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda mamlakatning hududiy xalqaro aeroportlariga eng yaxshi nomlarni aniqlash boʻyicha ommaviy tanlovni eʼlon qilsin va uning natijalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan aviakompaniyalarning murojaatlariga koʻra ularga parvozlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralarga rioya qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining havo qatnovi toʻgʻrisidagi hukumatlararo kelishuvlariga muvofiq tayinlangan (shu jumladan, qoʻshimcha tarzda tayinlangan) aviakompaniya maqomini belgilangan tartibda bersin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi yagona tizimni yaratish va joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

Davlat soliq qoʻmitasining maʼlumotlar bazasini turistik yigʻim hisobini yuritishning yagona tizimi (keyingi oʻrinlarda – Yagona tizim) bilan integratsiyalash;

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan, shu jumladan, bronlashtirish tizimining dasturiy mahsulotlarini tahlil qilish orqali joylashtirish vositalarining bandligini oʻrganish va turistik yigʻimlarning toʻliq tushumi ustidan kameral nazoratni amalga oshirish;

turistik yigʻim toʻlovini qabul qilish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan muvofiqlashtiriladigan axborot markazlarida Yagona tizimning faoliyat yuritishi;

Yagona tizimni mahalliy mobil toʻlov dasturlari va xalqaro toʻlov tizimlari bilan integratsiyalash;

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari maʼlumotlari bazasini maʼlumotlarni uzatish rejimida Yagona tizim bilan integratsiyalash;

Yagona tizimdan foydalangan holda, turistik yigʻim toʻlovining toʻlanganligini tekshirish orqali xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning mamlakat hududida boʻlishi hamda undan oʻz vaqtida chiqib ketishini nazorat qilish mexanizmini yoʻlga qoʻyish;

statsionar davolash xizmatlarini koʻrsatuvchi davolash muassasalarini Yagona tizimga ulash boʻyicha qoʻshimcha litsenziya talablarini belgilash.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda ikki oy muddatda Yagona tizimni yaratishning texnik topshirigʻini ishlab chiqsin.

Belgilansinki, Yagona tizim loyihasi davlat organlarining axborot tizimlariga xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalarni jalb qilgan holda, Byudjetdan tashqari jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ishlab chiqiladi.

13. Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida roʻyxatga olingan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ushbu hududlarda xizmat koʻrsatish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʻlmagan yuqori oʻtish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona bojini amaldagi stavkaning 50 foizi miqdorida, qolgan qismini olib kirilgan sanadan boshlab 3 yil davomida toʻlashga ruxsat etilsin.

Belgilansinki, bunda ushbu transport vositalariga davlatning roʻyxatga olish raqam belgilarining alohida seriyalari beriladi va ulardan tegishincha faqat Buxoro, Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hududida foydalanishga ruxsat etiladi.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy va kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi uch oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

a) Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi hududida turistik zonani yaratish va rivojlantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini:

yangi “Orom qirgʻogʻi” (“Leisure Coast”) turistik zonasida suvda dam olish turlari va plyaj turizmini rivojlantirish;

Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga yoʻlovchilarni tashish uchun temir yoʻllarni yotqizish qiymatining dastlabki hisob-kitoblarini qilish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, doimiy avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻyish;

tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirish;

b) Navoiy va Buxoro viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Toʻdakoʻl koʻli hududida turistik zonani tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha suvda dam olish turlari va plyaj turizmini rivojlantirish, temir yoʻl stansiyalarini qurish maqsadga muvofiqligini oʻrganish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, koʻlga yoʻlovchilarni tashish uchun doimiy avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda turizm va unga yondosh infratuzilmani rivojlantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini;

v) Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilgan holda Zomin tumanida umummavsumiy, qishki va yozgi dam olish maskanlarini tashkil etish boʻyichachora-tadbirlar rejasini.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligining quyidagi loyihalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

fuqarolarning faol dam olishini tashkil etish (shaharda yurish, terrenkur, trekking va xayking), kasallanish darajasini, shu jumladan, yurak xastaliklarini kamaytirishni nazarda tutuvchi “Piyoda turistik marshrut”;

xorijiy mamlakatlar fuqarolariga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlarni tizimlashtirish va turlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi “Uzbekistan – hope and healing land” (“Oʻzbekiston – umidli va shifobaxsh zamin”) tibbiy turizm dasturini rivojlantirish;

respublikaning madaniy meros obyektlari hududlarida belgilanmagan joylarda chiqindi tashlaganlik uchun jarimalarni oshirish, elektr taʼminotiga “yashil” texnologiyalarni joriy qilish, chiqindini utilizatsiya qilish, suv resurslaridan unumli foydalanishni nazarda tutuvchi “Clean&Eco”.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Gʻishtkoʻprik” (Toshkent viloyati) va “Xayraton” (Surxondaryo viloyati) xalqaro nazorat-oʻtkazish punktlarida mavjud infratuzilma doirasida chegaradan tezkor oʻtish mexanizmlari – “Fast track” xizmatini quyidagilarning tashkil etilishini nazarda tutgan holda joriy qilsin:

avtotransport vositalarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib oʻtayotgan jismoniy shaxslarning navbatdan tashqari pasport va bojxona nazorati jarayonlarini tezlashtirgan tartibda amalga oshirish uchun alohida yoʻlak;

jismoniy shaxslarning dam olishi va hordiq chiqarishi uchun shart-sharoitlar, shu jumladan, onalar va bolalar xonalari, ovqatlanish shoxobchalari hamda tijorat banklari filiallarini tashkil qilish va valyuta ayirboshlash uchun bankomatlar oʻrnatgan holda “VIP” zallar.

Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

a) “VIP” zallarni qurish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi;

b) “Fast track” xizmati pullik asosda, shu jumladan, chegarani kesib oʻtishdan oldin 90 kun mobaynida oldindan toʻlov qilish yoki mobil ilovalar orqali toʻlash imkoniyatini yaratgan holda amalga oshiriladi;

v) xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

80 foizi – Davlat bojxona qoʻmitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobiga;

20 foizi – Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari hisobiga.

Oʻzbekiston Respublikasining boshqa xalqaro nazorat-oʻtkazish punktlarida “Fast track” xizmatini joriy qilish, ularning oʻtkazish oqimini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan grafik asosida amalga oshiriladi.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining mamlakatdagi turistik zonalarga avtotransport vositalari (jamoat va maxsus transportlar, shuningdek, turistik zonalar hududida yashovchi aholining avtotransport vositalaridan tashqari) bilan kirish uchun yigʻim undirish mexanizmini joriy qilish boʻyicha takliflariga rozilik berilsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlasin:

xorijiy oshxona yoki alohida yoʻnalish boʻyicha ixtisoslashgan tematik ovqatlanish shoxobchalarini, ovqat va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, shuningdek, suvenir mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha xizmatlarni tashkil etish yuzasidan loyiha tashabbuskorlariga grantlar ajratish;

yangi turizm mahsulotlari va yoʻnalishlarini ishlab chiqish va targʻib qilish uchun gid va turoperatorlarga grantlar ajratish;

turizm sohasi subyektlarining foiz xarajatlarini subsidiyalash;

joylashtirish boʻyicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalash;

turoperatorlar va turagentlarga Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelingan va xizmat koʻrsatilgan har bir xorijiy turist uchun ragʻbatlantiruvchi subsidiyalar ajratish;

havo va temir yoʻl chiptalari uchun turoperatorlarning xarajatlarini qisman subsidiyalash;

mehmonxonalarning toifa olish va uni koʻtarish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash boʻyicha xarajatlarini qoplash;

turizm maqsadida yoʻlovchi tashuvchi yangi dor yoʻllarini qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarini qoplashga mablagʻ ajratish;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida sayohat davomida xorijiy turistlar koronavirus (COVID-19) infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda, ularga kompensatsiya toʻlovlarini toʻlab berish;

“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimi doirasida ixtiyoriy sertifikatlash, shuningdek, sertifikatlash uchun toʻlovlarni amalga oshirish;

“Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED” tizimining xavfsiz obyektlari reyestrini yuritish;

b) bir oy muddatda turizm hududlariga transport vositalari bilan kirish uchun yigʻim undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni yigʻimni undirishning aniq mexanizmlari va miqdorlarini, shuningdek, yigʻimni tegishli turistik zona Direksiyasiga yoʻnaltirishni nazarda tutgan holda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

v) ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga quyidagi takliflarni kiritsin:

ov qilish huquqiga doir ruxsatnoma berganlik uchun davlat boji miqdorini oshirish;

ov qurolini va sportga moʻljallangan oʻqotar qurolni hamda uning oʻq-dorilarini, shuningdek, tigʻli qurolni (pichoqlarning milliy turlaridan tashqari) ishlab chiqarish, taʼmirlash va realizatsiya qilish uchun toʻlanadigan yigʻim miqdorini oshirish.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

koronavirus pandemiyasining turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishini inobatga olgan holda va xavfsiz turizmni tashkil qilishga alohida eʼtibor qaratib, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari tuzilmasiga umumiy belgilangan shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritsin;

kelajakda inqiroz holatlarini prognoz qilish va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatning rivojlanish ssenariylarini ishlab chiqish uchun, shuningdek, ularning mamlakat turizm sohasiga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha oldini olish choralarini amalga oshirish maqsadida har oyda yuzaga kelgan pandemiya bilan bogʻliq vaziyatni kompleks tahlil qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilsin.

21. Vazirlik va idoralar ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

22. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 19-iyun

 

O'zA

OVOZ BERISH
Ishonch telefonlarining xizmatini baholang:
 
A'lo
Yaxshi
Qoniqarli
Yomon

Моё мнение

Korrupsiyaga qarshi kurash

Tugmani bosing Tinglash