Welcome to navstat   Click to listen highlighted text! Welcome to navstat Powered By GSpeech

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik subyektlari sonini yanada koʻpaytirish hamda ular tomonidan isteʼmolchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli rivojlantirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgan sharoitda axborot texnologiyalari vositasida isteʼmolchilar, tadbirkorlik subyektlari va davlat soliq xizmati organlarining uygʻunlashgan faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Savdo va xizmat koʻrsatish sohasini yanada erkinlashtirish, uning hajmini keskin oshirish, hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasining savdo (xizmat koʻrsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega boʻlgan maʼlumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni (keyingi oʻrinlarda – virtual kassa) onlayn nazorat kassa mashinalari (keyingi oʻrinlarda – onlayn-NKM) qatorida joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi onlayn rejimida qabul qilingan fiskal maʼlumotlarni mustaqil va doimiy ravishda qabul qilish, qayta ishlash, kriptografik himoya qilish va saqlash ishlarini bajaruvchi fiskal maʼlumotlar operatori (keyingi oʻrinlarda – operator) etib belgilansin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan taqdirda:

ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi boʻyicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi;

kunlik oʻrtacha naqd pul tushumi miqdoridan qatʼi nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega;

ularga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki yagona soliq toʻlovi yoxud qatʼiy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021-yil 1-yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, oʻrnatish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi;

virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan bepul beriladi;

b) jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida oʻtkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablagʻlar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi bazasi sifatida qaralmaydi;

v) jismoniy shaxslarning uy xoʻjaligi sharoitida, shu jumladan, dehqon xoʻjaligida yetishtirilgan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda, sanoatda qayta ishlashdan tashqari, sotishdan, shuningdek, hayvonlarni tirik yoki ularni soʻyib sotishdan oladigan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinishida, realizatsiya qilingan mahsulot jismoniy shaxs yoki uning oila aʼzolariga ajratilgan tomorqa yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni talab qilish tartibi bekor qilinadi.

4. Naqd pul tushumiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining onlayn nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtkazish grafigi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yil 1-yanvardan boshlab har yili olis, yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlari roʻyxatini tasdiqlaydi va ushbu hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga mazkur Farmon bilan tasdiqlangan grafik tatbiq etilmaydi.

 

5. Belgilansinki, onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan:

taqdim qilingan xarid chekida (keyingi oʻrinlarda – chek) tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlganda qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu maʼlumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi;

maʼlumotlarni operatorga real vaqt rejimida yetkazib berishning texnik imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda cheklar offlayn rejimida berilishi mumkin. Bunda maʼlumotlar operatorga 24 soat mobaynida uzatilishi shart;

toʻlov terminali orqali qabul qilingan toʻlovlar uchun xaridorlarga toʻlov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart.

Ushbu Farmon bilan tasdiqlangan grafikda koʻrsatilgan muddatlar tugagandan keyin onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanmasdan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki fiskal belgiga ega boʻlmagan cheklarni taqdim qilish – fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini yoki hisob-kitob terminallarini ishlatish majburiy boʻlgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar koʻrsatganlik deb baholanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligining 2019-yil 1-oktyabrdan Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli oʻyinlarni tashkil qilish boʻyicha tajriba oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-yil 1-noyabrga qadar yutuqli oʻyinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyulga qadar tajriba natijalariga koʻra uni Respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan taklif kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar cheklarni roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslar orasida yutuqli oʻyinlarni oʻtkazish boʻyicha tartib ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin.

9. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda:

uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalar negizida onlayn-NKM, maʼlumotlarni onlayn rejimda davlat soliq xizmati organlariga uzatish funksiyasiga ega boʻlgan maxsus qurilmalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;

onlayn-NKM va virtual kassaning uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun barcha hududlarda texnik xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etish tavsiya etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi 2019-yil 1-oktyabrga qadar muddatda:

tadbirkorlik subyektlari tomonidan sotilgan mahsulotlar (ishlar va xizmatlar) boʻyicha maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatishni taʼminlovchi virtual kassa hamda fiskal modul uchun maxsus dasturiy taʼminotni ishlab chiqsin va joriy qilsin;

xaridorlar tomonidan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilarni mobil ilova yoki Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy sayti orqali roʻyxatga olish tizimini joriy qilsin;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilishi ruxsat etilgan onlayn-NKM, virtual kassa va fiskal modulga qoʻyiladigan texnik talablarni, ularning yagona reyestrini hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish markazlarining Davlat reyestrini yuritishni, shuningdek, davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki QR-kodga (yoxud fiskal belgilarga) ega boʻlmagan cheklarni taqdim qilish harakatlari yuzasidan “masofadan tekshiruv” tizimini hamda javobgarlikka tortish tartibini ishlab chiqsin va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.A.Musayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – ushbu Farmon bilan tasdiqlangan grafikka asosan respublikadagi naqd pul tushumiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich oʻtkazish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi B.A.Musayev, moliya vazirining birinchi oʻrinbosari T.A.Ishmetov, Toshkent shahar hokimi J.A.Ortiqxoʻjayev zimmasiga – Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli oʻyinlarni tashkil qilish boʻyicha javobgarlik yuklansin.

13. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga mazkur Farmonning maqsad va vazifalari, mazmun-mohiyati va uning amalga oshirish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish tavsiya etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 9-avgustdagi “Byudjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–1504-son Farmoni 3-bandining beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“naqd pul tushumiga ega boʻlgan barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pul tushumini banklarga topshiradilar. Bunda bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan ortiq miqdorda kunlik oʻrtacha naqd pul tushumiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pul tushumini bank kassalariga har kuni inkassatsiya xizmati orqali yoki mustaqil ravishda topshiradilar. Koʻrsatilgan hajmdan kam boʻlgan kunlik oʻrtacha naqd pul tushumiga ega boʻlgan yoki onlayn nazorat-kassa mashinalaridan (yoxud virtual kassadan) foydalanishga oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pul tushumini bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilaydigan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega”.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida ushbu Farmonda koʻrsatib oʻtilgan normalarni nazarda tutsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

  Prezidenti                                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 6-sentyabr

 
O'zA
OVOZ BERISH
Ishonch telefonlarining xizmatini baholang:
 
A'lo
Yaxshi
Qoniqarli
Yomon

Моё мнение

Korrupsiyaga qarshi kurash

Tugmani bosing Tinglash