Welcome to navstat   Click to listen highlighted text! Welcome to navstat Powered By GSpeech

Портал

 

     Yangiliklarimizga obuna    bo'ling


 
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 yanvar kuni joriy yilda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etilganidek, 2021 yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti kamida 5 foiz o‘sishi maqsad qilingan. Biroq, global iqtisodiyotdagi noaniqlik uzoq davom etishi mumkinligi iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilishni talab etmoqda.

Shu bois Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish, “o‘sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasini qo‘ymoqda.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleks vakillarini mahallaga tushirib, vertikal tizimni, barcha organlar faoliyatini o‘zaro muvofiq yo‘lga qo‘yish kerakligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari bu tizimga jalb qilinadigan mutaxassislarning bilim va imkoniyati masalasiga alohida e’tibor qaratdi. 20 mingdan ortiq xodimni o‘qitib, ularga masalani joyida hal etish bo‘yicha barcha vakolatlarni berish muhimligi qayd etildi.  

Davlat boshqaruvi akademiyasiga mahalla raislari va mazkur tizimda ishtirok etadigan barcha xodimlar uchun o‘quvlar tashkil qilish, buning uchun maxsus dastur va qo‘llanmalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Har bir rahbarning mazkur tizimdagi shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini belgilash, barcha jarayonlarga ko‘maklashuvchi onlayn elektron platforma yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident kambag‘allikni qisqartirish masalasiga yana bir bor to‘xtalib, mutasaddilarga aholini tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi rahbarlari 2021 yilda har bir tarmoq va hudud kesimida iqtisodiy o‘sishning qo‘shimcha manbalari to‘g‘risida hisobot berdi.

Yig‘ilishda ushbu rezervlarni to‘liq ishga solib, qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash choralari ko‘rib chiqildi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli bo‘lishini ta’minlash, narx oshishiga ta’sir ko‘rsatadigan omillarning oldini olish masalalariga yana bir bor to‘xtalib o‘tildi. 

Sanoatda ham qo‘shimcha rezervlar aniqlangan. Ayniqsa, asosiy “drayver” bo‘lgan kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal sohalarida “sanoat zanjirlari”ni uzaytirish kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, xarajatlarni va boshqaruv tizimini optimallashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Xizmatlar sohasida ham ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Prezidentimiz ularni to‘liq safarbar etib, hududlarda servis shoxobchalarini ko‘paytirish, yangi zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi. 2021-2023 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga yoshlar keng jalb etilishi belgilandi.

Yig‘ilishda investitsiya loyihalari ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida 1 ming 752 ta ob’ekt uchun qariyb 18 trillion so‘m byudjet mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘lardan oqilona foydalanish, loyiha hujjatlarini puxta ishlab chiqish va qurilishlar sifatini ta’minlash bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar iqtisodiy kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning o‘rta va quyi bo‘g‘inini mahallagacha tushirib, aholiga yaqinlashgan ish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalari bo‘yicha axborot berdi.

 
UZA
 
 
 
 
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni sanoat va logistika sohalariga oid investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Ulardan biri – Toshkent shahrida oqartirilgan tunika ishlab chiqarish loyihasi. Buning uchun 280 million yevro yo‘naltiriladi. Uning yillik quvvati 120 ming tonna bo‘lishi, 750 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Jizzax viloyatida yuqori markali sement ishlab chiqarish loyihasi ham istiqbolli. Qiymati 2 trillion so‘mdan ziyod bo‘lgan ushbu loyiha samarasida yiliga 1 million 300 ming tonna sement tayyorlash, shundan 200 ming tonnasini eksport qilish quvvati paydo bo‘ladi. 

735 milliard so‘mlik yana bir loyiha muzlatgich, sovutgich va konditsionerlar uchun germetik kompressor ishlab chiqarishga qaratilgan. Uning yillik quvvati 3 million dona bo‘lib, shundan 500 ming donasi eksportga yo‘naltirilishi, 300 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Shuningdek, elektron suv hisoblagichlar, temir-beton va keramika mahsulotlariga oid loyihalar ko‘rsatildi.

Toshkent shahri va viloyatlarda logistika markazlari tashkil etish loyihalariga alohida ahamiyat qaratildi. Bu markazlar oziq-ovqat va nooziq-ovqat omborlarini o‘z ichiga oladi, kargo, kurerlik va elektron tijorat xizmatlari ko‘rsatadigan bo‘ladi. 5 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni sifatli amalga oshirish uchun ularni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu tizimni tarmoqlar va hududlar kesimida ham tatbiq etib, investitsiya loyihalarining tayyorlanishi va bajarilishini baholab borish, quyi bo‘g‘indagi mutaxassislarga ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.

 
UZA
 
 
 
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatida bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni erta tongda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.

O‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, Alloh taolodan yurtimizga tinchlik-farovonlik, xalqimizga salomatlik va saodat tilab duo o‘qildi.

Buxoro shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi, respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari rahbarlari, faollar qatnashdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil noyabr oyidan buyon Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Botir Komilovich Zaripov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

–  Viloyatni boshqarish, odamlarni safarbar qilish oson ish emas. Buni Zaripovning o‘ziyam tushunyapti. Men uni turli lavozimlarda sinaganman, oxirgi uch oyda hokim vazifasini bajaruvchi sifatida sizlar ham sinadingiz. Buxoroning suvini ichib, changini yutib ulg‘aygan yigit viloyat sharoitini yaxshi biladi. Eng muhimi, buxoroliklarni yaxshi ko‘radi, –  dedi Shavkat Mirziyoyev.

B.Zaripov 1969 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Bank sohasida turli lavozimlarda ishlagan. 2016-2020 yillarda respublika qurilish materiallari sanoatini boshqargan.

Xalq deputatlari, oqsoqollar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Botir Zaripov Buxoro viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

–  Buxoroi sharifdek joyga, uning buyuk xalqiga rahbar bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Ana shu ishonch doim qulog‘ingiz ostida tursin. Kunlar, yillar shiddat bilan o‘tadi. Agar buxoroliklar «viloyatimizga to‘g‘ri kadr kelgan ekan», deb rozi bo‘lsa, men ham o‘zimni baxtiyor sezaman, –  dedi Prezident.

Shuningdek, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Nozimjon Xolmurodov, Buxoro viloyatining prokurori vazifasiga Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan Mahmud Istamov hamda Vobkent tumani hokimi lavozimiga Farhod Umarov tayinlangani ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari bo‘yicha ma’ruza qildi.

– Buxoroning bugungi rivoji ma’qulmi, degan savolga mening javobim: yo‘q. Boshqa viloyatlardagi rivojlanishdan 10 yil orqada qolyapti. Korrupsiya, poraxo‘rlik barham topmayapti. Yalpi hududiy mahsulotda qishloq xo‘jaligi ulushi 50 foiz ekani eski zamondan nishon. Sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik bo‘yicha viloyatning imkoniyatlari juda keng. Tuman hokimlari, sektor rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joylardagi muammo va imkoniyatlarni mahalla darajasida o‘rganish, aholi bandligi va daromadini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi ish tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

– Endi jamiyatimizda boshqacha yo‘nalish bo‘ladi – mahalla katta kuchga aylanadi. Agar mahalla raisi bilimli, fidoyi bo‘lsa, kayfiyat ham, iqtisodiyot ham o‘zgaradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu maqsadda viloyatga ishchi guruh yuborilgan, shahar va tumanlarga vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari biriktirildi.

Mavjud 544 ta mahallaning har biri o‘rganilib, 333 tasi “qoniqarli”, 182 tasi “o‘rta” va 29 tasi “past” rivojlanish toifalariga ajratildi. Aholiga daromad manbai yaratish zaxiralari aniqlangan.

Davlatimiz rahbari ishsizlik muammosiga alohida to‘xtaldi. Yangi ish o‘rinlari ochish va o‘z-o‘zini band qiluvchilarga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Oilaviy tadbirkorlik, yoshlar biznes loyihalariga 390 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi. Har bir tumanda bittadan kasb-hunar maktabi tanlab olinib, uning bazasida monomarkazlar tashkil etiladi, mahallabay o‘rganish natijasi o‘laroq ishsizlar, yoshlar va ayollar talab yuqori kasblarga o‘rgatiladi.

Buxoro viloyatida 2021-2022 yillar uchun umumiy qiymati qariyb 19 trillion so‘m bo‘lgan 713 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan 555 tasi bu yil amalga oshirilishi, 14 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘liq ishga solish, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, qadimiy “G‘ijduvon qo‘rg‘oni”ni qayta tiklab, ochiq osmon ostidagi muzey barpo etish, Vobkent tumanidagi “Shirin” qishlog‘ini etnoturizm maskaniga aylantirish, Peshku tumanining Afshona qishlog‘ida “Ibn Sino zamonasi” majmuasini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buxoro zardo‘zligi va zargarligi xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yangi ta’lim va tibbiyot muassasalari tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Buxoroda Prezident maktabi faoliyat boshlaydi. Matematika, axborot texnologiyalari, kimyo-biologiya va fizikaga ixtisoslashgan 16 ta maktab tashkil etiladi. Shuningdek, 18 ta maktabni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Davlatimiz rahbari yoshlar masalalariga alohida to‘xtaldi.

– Yoshlarda juda ko‘p g‘oya, intilish bor. Ularga sharoit yaratib, yelkadosh bo‘lsak, ular juda katta kuch, qudrat, imkoniyat va kelajak egasi bo‘ladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada infratuzilmani rivojlantirish, ichimlik suvi va oqova tarmog‘ini yaxshilash, yo‘llar qurish va ta’mirlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

– Men hamma viloyatlarimizni yaxshi ko‘raman, hurmat qilaman. Lekin Buxoroning imkoniyatlari, salohiyati hech qaysi viloyatda yo‘q. Bu zaminga xudo bergan, uning har qarichi tarix, ilm. Buxoroliklar buning qadriga yetsa hech qachon kam bo‘lmaydi, – dedi pirovardida davlat rahbari.

Prezidentimiz Buxoro shahrining Nizomiy mahallasida qurilgan zamonaviy uylarni borib ko‘rdi.

Ilgari bu hududda pana-pastqam, kanalizatsiyasi yo‘q uylar bo‘lib, shahar ko‘rkini buzib turardi. O‘tgan yili bu yerda 7 qavatli zamonaviy uylar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev mehnat faxriysi Ne’mat ota Hotamov xonadoniga kirdi. Dasturxon atrofida dildan suhbat bo‘ldi.

Bu oila oldin shu mahalladagi eski uyda istiqomat qilar edi. Endi barcha ushbu zamonaviy mavzeda yashayotganidan rozi.

Davlatimiz rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy sharoitlarda yashashga munosib ekanini ta’kidladi.

Shu yerda Buxoro viloyatida avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash, Buxoro shahrida oqova suv inshootlari qurish, eski ko‘p qavatli uylar qiyofasini yangilash rejalari haqida axborot berildi.

Shu bilan Prezidentimizning Buxoro viloyatiga safari yakunlandi.

O‘zA

 
 
 
 
 
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21 yanvar kuni Buxoro viloyatiga keldi.

Davlat rahbari vertolyotda Olot tumaniga yo‘l oldi.

Bu – hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan joriy yilgi birinchi tashrif. Va u mazkur chekka tumandan boshlanayotgani  bejiz emas.

2020 yil 27 aprel kuni Buxoro viloyatiga janubdan kuchli shamol kirib kelgan edi. Uy-joylar, infratuzilma va ekinlarga katta zarar yetkazgandi.

Davlatimiz rahbari zudlik bilan u yerga yetib borib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish, turar joylar va ijtimoiy ob’ektlarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Qisqa muddatda zarur ishlar bajarilib, hayot o‘z maromiga qaytdi.

Bu galgi safar chog‘ida Prezident vertolyotda ushbu ishlar qamrovini ko‘zdan kechirdi.

Xususan, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku va Shofirkon tumanlarida 45 mingta uy, 204 ta ko‘p qavatli turar joy ta’mirlangan. Mingdan ortiq ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlari, yo‘llar, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tiklangan.

Davlatimiz rahbariga hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga oid loyihalar taqdim qilindi.

Unga ko‘ra qishloq joylarda, mahallalarda mobil xizmat ko‘rsatish punktlarini konteynerlarda tashkil qilish mumkin. Konteynerlar ham mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan tayyorlanmoqda. Undan mini tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, poyabzal ta’mirlash ustaxonasi, shirinlik do‘koni kabi ko‘plab yo‘nalishlarda foydalansa bo‘ladi. Shunday platformalardan bittasida kamida 4 ta ish o‘rni yaratish mumkin. 

Prezidentimiz loyiha bilan tanishib, mutasaddilarga ularning tannarxini kamida 30 foizga kamaytirish, kommunikatsiya va kanalizatsiya tizimlariga ulash masalalarini hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, Olot va unga qo‘shni tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan arxitektura-qurilish, xususan, tuman markaziy ko‘chalarini rekonstruksiya qilish, aholi uchun zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurish loyihalari muhokama qilindi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olot tumani markazida Olot, Qorako‘l, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan uchrashdi. O‘tgan yili sodir bo‘lgan tabiiy ofat yodga olindi.

–  2020 yil Vatanimiz uchun, shu jumladan, Buxoro viloyati uchun juda katta sinovlar yili bo‘ldi. Bu yerda yuz bergan tabiiy ofat iqtisodiyotga, infratuzilmaga, odamlar 30-40 yillab qurgan uylariga katta talafot yetkazdi. Biz xalqimizning sabr-toqati, birdamligi, hamjihatligi bilan bu balolardan qudratli bo‘lib chiqamiz, deb niyat qilgandik, mana, shu natijalarga erishdik, – dedi Prezident.

Hech bir oila e’tiborsiz qoldirilmagani ta’kidlandi. Xususan, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida Olot, Qorako‘l va Jondordagi ehtiyojmand oilalarga qariyb 14 milliard so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi, buning uchun quyi tizimdagi rahbarlar uyg‘onishi, jon kuydirishi kerakligi aytildi.

– Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – xalqimizni ko‘proq eshitish, ertangi marralarni belgilashda to‘g‘ri yo‘l tutish. Tuman hokimlari va mahalla raislari o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytib, ularning yechimi bo‘yicha takliflarini bildirsa, niyatimiz amalga oshadi, – dedi davlat rahbari.

Hududlarni rivojlantirish dasturi hamda kambag‘allikni qisqartirish rejalari mahallabay tizim asosida ishlab chiqilishi ta’kidlandi.

Mutasaddilar Olot tumanida mahallabay ishlash tizimi taqdimoti chog‘ida Bunyodkor va Shayxlar mahallalari uyma-uy yurib o‘rganilgani, shunda aholi vakillari turli kasb-hunarlarni egallash istagi borligini bildirganini qayd etdi. Fuqarolarning istaklaridan kelib chiqib, bugungi kunda tumandagi kasb-hunar maktabi huzurida sakkiz yo‘nalishda kasblarga o‘rgatish o‘quv kurslari tashkil etildi. 

Prezident mazkur tajriba asosida Respublika O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va uning hududiy boshqarmalari hamda mamlakatimizdagi 700 dan ortiq kasb-hunar maktabini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bo‘ysunadigan yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Tegishli rahbarlarga joylarda aholining talab va istaklaridan kelib chiqib, o‘sha hududdagi tadbirkorlarga kerak bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitishni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Mahalla raislariga o‘z hududidagi har bir fuqaroni rozi qilish, iqtisodiy sektor bilan birgalikda xonadonma-xonadon yurib, ish o‘rinlari yaratish, o‘sha xonadonlarda obodlik va farovonlikni ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi. 

– Mahalla raisi qachon obro‘li bo‘ladi? Xalq dardini rahbarlarga lo‘nda qilib qo‘ysa. Hamma masala avvalo mahallada hal bo‘lsagina odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga respublika bo‘yicha chekka hududlarda joylashgan 968 ta mahalladagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan, Buxoro viloyatidagi 55 ta og‘ir, olis va chegara hududlardagi mahallalar tanlab olinib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda ushbu mahallalarda obodonlashtirish ishlari va mahallabay tizimni joriy etish bo‘yicha alohida vazifalar belgilab berildi.

Bu yil yoshlar va oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun Qorako‘l tumaniga 36 milliard so‘m, Olot tumaniga 21 milliard, Jondor tumaniga 49 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. 

2021-2022 yillarda Olotda 42 ta, Qorako‘lda 56 ta, Jondorda 67 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Olotda loyiha qiymati 20 million dollar bo‘lgan logistika markazi, Qorako‘lda oltingugurtni qayta ishlash korxonasi, Jondorda keramik plitalar ishlab chiqarish ob’ekti ishga tushiriladi. Kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Qishloq xo‘jaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar bor. Joriy yilda 18 kilometr melioratsiya tarmoqlari qurilib, Janubiy Olot xo‘jaliklararo kollektori rekonstruksiya qilinadi. Natijada foydalanishdan chiqqan yerlar qayta o‘zlashtirilib, bozorbop mahsulotlar yetishtiriladi.

Prezidentimiz ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Xususan, Olot tumanida kinoteatr va kutubxonani o‘z ichiga olgan Ma’naviyat va madaniyat markazi qurilishi qayd etildi. Shuningdek, maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasalari, ijtimoiy xizmat ob’ektlari barpo etiladi.

Bu yil Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabi rekonstruksiya qilinib, 200 o‘rinli yotoqxona qurilishi ta’kidlandi. Bu dargohning iqtidorli yoshlari IT sohasiga jalb qilinadi.

Jahon banki ishtirokidagi Olot va Qorako‘l tumanlari ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 139 million dollarlik loyiha yakunlanib, 265 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu ikki tumanda so‘nggi 30 yildan buyon ichimlik suvi ta’minoti 17 foiz bo‘lgan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda mahalliy aholining murojaatlarini inobatga olib, Olot – Toshkent temir yo‘l qatnovi qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Bugun butun mamlakatda uyg‘onish davri. Loqaydlik, o‘zibo‘larchilik bilan o‘zgarish bo‘lib qolmaydi. Xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga ko‘maklashish, tinimsiz intilish va mehnatgina natija keltiradi. Uchrashuv mana shunday ruhda o‘tdi.

Buxoro tumanidagi «Buxoro Varnet» korxonasi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda bu yerga kelganida ish endi boshlangan edi. Hozirgi kunda u zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanmoqda.

Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilmoqda. Ya’ni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak bo‘lsa, shu yerda tayyorlanadi.

Davlatimiz rahbari bu galgi tashrifi chog‘ida mazkur majmuaning yangi imkoniyatlari bilan tanishdi.

– Issiqxonalar bilan shuncha yildan beri shug‘ullanyapmiz, lekin professionallar yo‘q edi. Endi bu yo‘nalish yangi sifat bosqichiga chiqyapti, – dedi Prezident.

Buxoro viloyatining ko‘p yerlari sho‘rxok va qumloq, suv esa tanqis. Bunday joylarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay. Shu bois 2018 yil 10 iyuldagi Prezident qarori bilan «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bu zona uchun Jondor, Kogon, Peshku, Romitan va Buxoro tumanlaridan 3 ming gektar yer ajratildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilib, klaster tizimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratildi.

«Buxoro Varnet» korxonasi ham ana shu imkoniyatlar samarasi. Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollardan ziyod bo‘lib, bu mablag‘ning hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etadi.

bugungi kungacha 10 million dollar tashqi investitsiya o‘zlashtirilib, 13 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazildi, 260 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Yana 17 gektarda qurilish ishlari davom etmoqda.

O‘tgan yili qariyb 20 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 1 million dollarlik eksport qilingan. Joriy yilda 26 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Korxona uchun qariyb 113 gektar yer ajratilgan bo‘lib, to‘liq ishga tushganda yillik quvvati 33,8 ming tonna bo‘ladi, jami 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Prezident 2020 yil 12 dekabr kuni Xorazm viloyatida bo‘lganida yirik issiqxonalar huzurida o‘quv markazi ochib, shu yo‘nalishga qiziqqan tadbirkorlar va yoshlarni tayyorlash kerakligini ta’kidlagan edi. Davlatimiz rahbari «Buxoro Varnet» korxonasida tashkil etilgan shunday markazni kirib ko‘rdi.

– Bu tizim nima uchun muhim? Birinchidan, yoshlarimizga rivojlangan mamlakatlar mutaxassislari onlayn rejimda dars beradi. Ikkinchidan, issiqxonalar uchun zarur materiallar mahalliylashtiriladi. Eng muhimi, bozor talabiga mos mahsulot ishlab chiqariladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari «Buxoro Varnet» korxonasida xonadonlar uchun ixcham issiqxonalar qurib berishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.

Shu yerda 2021 yil uchun Buxoro viloyatida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Barcha loyihalardan ko‘zlangan yagona maqsad – aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda qishloq xo‘jaligini drayverga aylantirish.

Buxorodagi «BCT Cluster» paxta-to‘qimachilik klasteri O‘zbekistondagi qaldirg‘och klaster hisoblanadi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan klaster g‘oyasining dastlabki amaliy natijasidir. 

Davlatimiz rahbari klasterga qarashli “Bukhara Cotton Textile” to‘qimachilik korxonasiga bordi.

«BCT Cluster»  davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 maydagi «Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-to‘qimachilik klasterini  tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan. U o‘zida paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha texnologik zanjirlarni to‘liq birlashtirgan. Xususan, Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi 8 000 gektar ekin maydonida paxta yetishtirilsa, tola Buxoro shahrida bunyod etilgan zamonaviy to‘qimachilik majmuasida chuqur qayta ishlanadi.

Ushbu yirik loyihani amalga oshirish uchun jami 106,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Zanjirli ishlab chiqarishning oxirgi halqasi hisoblanadigan “Bukhara Cotton Textile” korxonasi uchun esa 65,2 million AQSH dollarilik mablag‘ yo‘naltirildi.  Natijada Buxoro shahrining tashlandiq bo‘lib qolgan sobiq to‘qimachilik kombinati hududida zamonaviy ishlab chiqarish ob’ekti paydo bo‘ldi. 

Mazkur yirik to‘qimachilik majmuasi tarkibida beshta – yigiruv, bo‘yash, to‘qimachilik, “Denim” jinsi matosiga ishlov berish, tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikalarini birlashtirgan.

Aytish joizki, majmuaning umumiy maydoni 10 gektar. Bu yerda mavjud bo‘lgan bitta eski bino tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda yana 19 ta yangi bino va inshootlar barpo etildi. Klasterning ishlab chiqarish fabrikalari Germaniyaning “Schlafhorst Zweigniederlassung der Saurer Germany Gmbh&Co KG”, “Volkmann Saurer”, “Beninger AG”, “Xetma”, “Monforts”, “Mayer”, “Menzel”, “Osthoff”, AQSHning “MORRISON”, Belgiyaning “PICANOL n.v.”, Fransiyaning “AESA” kabi dunyo to‘qimachilik sanoatida yetakchi bo‘lgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi.

Mazkur to‘qimachilik korxonasida 1500 nafar, klaster bilan qo‘shib hisoblaganda 6000 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, tayyor mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi.

– Jinsi matolar va mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha eng ilg‘or davlatlar bilan raqobat qilish mumkin. Chunki yerimiz, suvimiz, paxtamiz o‘zimizniki. Ishlayman degan yoshlarimiz ko‘p. Tannarxni yana pasaytirsa bo‘ladi. Lekin sifati xalqaro darajada bo‘lsa, dunyoda albatta o‘z o‘rnini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Klaster tomonidan yiliga o‘rtacha 26 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtiriladi. Uni birlamchi qayta ishlash orqali 9100 tonna tola olinadi. Tola esa “Bukhara Cotton Textile” korxonasida chuqur qayta ishlanib, undan dastlabki bosqichda 8450 tonna kalava ip yigiriladi. Keyingi bosqichda esa 15 million pogon metr denim jinsi matolari to‘qiladi. So‘nggi bosqichda qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulotlarga aylantiriladi. Ya’ni tashqi va ichki bozorda raqobatbardosh bo‘lgan jinsi liboslari tikiladi. 

Buning iqtisodiy samaradorligi shundaki, dunyo bozorida 1 kilogramm tola qiymati xom ashyo sifatida 1,5 dollar bo‘lsa, tayyor kiyim qilib sotilganda kamida 25 dollarga aylanadi.

 Korxona ayni paytda yiliga o‘rtacha 12,5 million dona “Denim klassik” va “Denim streych” shimlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tayyor mahsulotlarning 80 foizi eksport qilinadi. 

Suv resurslaridan unumli foydalanish maqsadida 2020 yilda paxta maydonlarining salkam 1000 gektariga tomchilatib sug‘orish usuli joriy qilindi. 2021 yilda yana 1000 gektar yerda bu usul tizimlari qo‘llaniladi. Shu tariqa yaqin istiqbolda paxta yetishtirishda to‘liq tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanila boshlanadi.

Klaster tomonidan O‘zbekistonda birinchi milliy jinsi brendi – «B Jeans» yaratilgani uning navbatdagi yutug‘i bo‘ldi. Xaridorlarga ushbu yorliq ostidagi jinsi liboslarini yetkazib berish maqsadida 2020 yilda Toshkent, Buxoro, Samarqand va Namangan shaharlarida klaster savdo tarmoqlari ishga tushirildi. Bu esa “zanjirli” ishlab chiqarishning eng muhim bo‘lgan yakuniy halqasi bog‘langanidan dalolatdir. 

Klaster o‘z oldiga respublika bo‘yicha  50 ta ana shunday savdo do‘konlari ochishni maqsad qilgan. Xususan, yaqin kunlarda Andijon va Farg‘onada ana shunday firma do‘konlari ishga tushirilishi kutilmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonning chet el davlatlardagi elchixonalari ko‘magida xorijda 100 ta savdo nuqtasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ayni paytda Germaniyaning Myunxen, Drezden kabi yirik shaharlarida o‘zbek milliy brendi ostidagi mahsulotlar yetkazib beriladigan dastlabki 7 ta savdo do‘konini  ishga tushirish sa’y-harakatlari olib borilyapti. Yaqin kunlarda esa qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida  “Savdo uyi” ochilishi mo‘ljallangan. Kelgusida bunday savdo tarmoqlari faoliyati Yevropa davlatlari, Boltiqbo‘yi respublikalari, Yaponiya va hatto jinsi vatani bo‘lgan AQSHda ham yo‘lga qo‘yiladi. 

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, chet ellardagi savdo tarmoqlari orqali yiliga o‘rtacha 75-80 million yevro miqdorida valyuta tushumiga erishilishi mumkin. Bu milliy brendlarimiz tez orada dunyo bozorlarini egallashidan bir nishonadir.

Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida tashkil etilgan “Milliy liboslar – yangi renessans durdonalari” modalar namoyishida “B Jeans” brendi ostidagi liboslar kolleksiyasi ilk namoyishdayoq muvaffaqiyat qozondi. Modalar namoyishida 50 dan ziyod liboslar kolleksiyasi taqdim etildi. “VST Cluster” jinsi matolari asosida yaratilgan liboslar 40 dan ortiq mamlakatlardan kelgan soha mutaxassislari tomonidan yuksak baholandi. Natijada o‘zida tabiiylik, qulaylik va hashamni mujassam etgan “B Jeans” kolleksiyasi “O‘zbek milliy liboslari an’analarini saqlash va rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplom bilan taqdirlandi.

Darvoqe, “Bukhara Cotton Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan jinsi matolari rangining tabiiyligi bilan ham ichki va tashqi bozorda ustunlikka ega. Ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan tabiiy bo‘yoq olish uchun esa klaster rahbariyati sa’y-harakatlari bilan xorijdan indigofera o‘simligi urug‘lari olib kelindi va 80 gektar maydonda yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Pirovardida shu yerning o‘zida tabiiy bo‘yoqlar olishga muvaffaq bo‘lindi. 

Klaster jamoasi o‘z oldiga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirish va sifatini yanada yaxshilash evaziga O‘zbekiston jinsi buyumlari jahon bozoridan mustahkam joy egallashiga erishishni bosh maqsad qilib qo‘ygan. 

Davlatimiz rahbari mahsulotlar turini ko‘paytirish, dunyoga mashhur brendlar bilan hamkorlikda kiyimlar ishlab chiqarish zarurligini ta’kidladi.

Shu yerda 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, yoshlar bandligini ta’minlash rejalari taqdimoti o‘tkazildi.

– Xalq ichida yurib, har bir yoshning muammosini eshitib, nazoratga olib, oxir-oqibat hal etib bersak, vaziyat o‘zgaradi. Yoshlar ishlari agentligining asosiy vazifasi shu bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlikka o‘qitish, biznesi va hunarmandchiligini ochishga ko‘maklashib, bandligini oshirish choralari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi va IT-Parkni borib ko‘rdi.

Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida 130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Binoda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxona, FHDYO bo‘limi, notarial idora ham joylashgani aholiga qulaylik yaratgan. Kutish zalida kitoblar javoni tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari xizmatlar narxini arzonlashtirish, uzoq mahallalar aholisiga sayyor va onlayn xizmat ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ham ochilgan. Moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, axborot xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Binoning ikkinchi qavatida IT-Parkning Buxoro filiali joylashgan. Bu yerda ham o‘quvchilar, ham talabalar, ham frilanser va dasturchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bolalar maktab davridan o‘yinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtiriladi, keyin o‘qitilib, loyihalar ishlab chiqishga o‘rgatiladi. Bu yerda yosh havaskorlar, robototexniklar, veb-dizaynerlar, professional dasturchilar yig‘ilgan.

Prezidentimiz buxorolik yoshlarning salohiyatini yuksak baholab, bu soha mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhim ekanini ta’kidladi.

– Buxoro azaldan ilm-fan markazi bo‘lgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Buxoroning IT sohasi bo‘yicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa – sharoit, resurs, intellekt bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz «Mandey LABS» korxonasiga asos solgan 25 yoshli Saidravshan Shokirov, xalqaro IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayotgan dasturchi Shahrullo Tuxsanov va boshqa yoshlar bilan suhbatlashdi.

Dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha yosh dasturchilarga buyurtma berish, mablag‘, energiya resurslari va vaqtni tejovchi dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari IT-Parkdagi yoshlar bilan esdalik uchun suratga tushdi.

IT-Park uchun Bukhara City majmuasida 9 va 12 qavatli zamonaviy binolar qurilmoqda. Majmuada kovorking markazi, ofislar, mehmonxona, restoran va sport zallari bo‘ladi. U yerda 700 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi davom etmoqda. 

Matnazar Elmurodov,

Ziyodulla Jonibekov,

Abdulaziz Musayev,

O‘zA muxbirlari

 

 

 

 
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21 yanvar kuni Buxoro viloyatiga jo‘nab ketdi.

Safar davomida agrosanoat, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, tibbiyot sohalaridagi korxonalar, shahar va tumanlardagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan.

UZA

 

 

OVOZ BERISH
Ishonch telefonlarining xizmatini baholang:
 
A'lo
Yaxshi
Qoniqarli
Yomon

Моё мнение

Korrupsiyaga qarshi kurash

Tugmani bosing Tinglash